Impulse Tibbiyot Instituti ochilishi tarixi
2018-yilda Namangan viloyatining Norin tumanida "Impulse" ko‘p tarmoqli xususiy klinikasi tashkil etildi. Klinikaga asos solishdan maqsad bemorlarga sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish edi. Ammo klinika faoliyatini boshlagan ilk davrda COVID-19 pandemiyasi boshlanib, butun dunyo uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Pandemiya davrida klinika ko‘plab bemorlarga yordam bera olgan bo‘lsa-da, afsuski, resurslar yetishmasligi sababli barchaga yordam berish imkoni bo‘lmadi.
Pandemiya paytida zamonaviy texnologiyalar, jihozlar va dorilarni topish katta mablag‘ talab qilar edi. Eng katta muammo esa – malakali shifokorlar yetishmasligida edi. Tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi nafaqat bizning klinika uchun, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab katta muammo edi. Shunday vaziyatda, biz faqat mavjud mutaxassislarga tayanib qolmay, o‘zimiz ham tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun bir qadam tashlashimiz kerakligini angladik.
Shu tariqa, 2019-yilda tibbiyot bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash maqsadida o‘zimizning tibbiyot institutini ochish g‘oyasi shakllandi. Xorijdagi ilg‘or ta’lim tizimlarini, jumladan, Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridagi tibbiyot ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimlarini o‘rgandik. Qaysi mamlakatlarda tibbiyot eng yuqori darajada o‘qitiladi, bemorlarga eng sifatli yordam qanday ko‘rsatiladi, ularda qanday ta’lim tizimi mavjud – barchasini tahlil qildik.
O‘rganishlar natijasida, Amerikaning USMLE tizimiga mos keladigan tibbiyot institutini ochish qaroriga keldik. Bu maqsadni amalga oshirish uchun malakali mutaxassislarni jalb qildik va ulardan bilim oldik.
Nihoyat, 2022-yilda bir necha yillik sa’y-harakatlarimiz samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan № 047559 sonli litsenziya asosida Namangan viloyatida birinchi va yagona xususiy tibbiyot instituti — Impulse Tibbiyot Instituti ochildi. Bugungi kunda institutimiz zamonaviy tibbiy ta’lim tizimiga asoslanib, tibbiyot sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.