Impuls talabalari uchun Xitoyda yozgi maktab ochilmoqda!
Joriy yilning 16–21-yanvar kunlari Impuls Tibbiyot Instituti Chirchiq filiali rektori A. Xamdamovning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida, Xitoy Elektron Fan va Texnologiyalar Universiteti(UESTC) tibbiyot maktabi (fakulteti) dekani, professor Chen Hui bilan muhim va samarali uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
↪️Mazkur uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro integratsiyani kuchaytirish, shuningdek, zamonaviy tibbiy ta’lim yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Natijada bir qator strategik va istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Xususan, talabalar almashinuv dasturi doirasida Impuls Tibbiyot Instituti talabalari yozgi ta’til davrida Xitoyda yozgi maktabda tahsil olish, ilg‘or o‘quv metodikalari bilan tanishish, shuningdek, zamonaviy ilmiy va klinik laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishlari belgilandi.
Shu bilan birga, Xitoy universiteti talabalari ham Impuls Tibbiyot Institutida tahsil olishlari, o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari hamda amaliy tajriba orttirishlari ko‘zda tutilmoqda. Bu esa ikki tomonlama bilim va tajriba almashinuvini yanada faollashtirib, talabalar uchun xalqaro akademik muhitda ta’lim olish va kasbiy rivojlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
🌀Shuningdek, tomonlar 1+1 magistratura dasturi asosida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar uchun qisqa muddatli akademik almashinuv, malaka oshirish va ilmiy hamkorlik dasturlarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar.
📌Mazkur hamkorlik Impuls Tibbiyot Institutining xalqaro ta’lim makonidagi nufuzini yanada mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi ilmiy, amaliy va innovatsion imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim va istiqbolli qadam hisoblanadi.
Oldinda — yangi imkoniyatlar, xalqaro tajriba va katta marralar!
Tegishli yangiliklar
Похожие новости не найдены.
