Xamdamov Alisher Salimovich
Institutning Chirchiq filiali rektori
Xamdamov Alisher Salimovich — oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda institutsional boshqaruvni takomillashtirish yo‘nalishlarida katta tajribaga ega.
U 2004–2008 yillarda Toshkent Avtomobil va yo‘llar institutida bakalavriat, 2011 yilda esa magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. 2014–2016 yillarda Xitoy Xalq Respublikasining Southwest Jiaotong University universitetida ilmiy tadqiqotchi sifatida faoliyat olib borib, xalqaro ilmiy hamkorlik, qo‘shma tadqiqotlar hamda akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etgan.
2023 yilda Xitoyning nufuzli University of Electronic Science and Technology of China universitetida PhD ilmiy darajasini olgan hamda 2024 yilda Iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan.
Faoliyati davomida Germaniya, Xitoy, Malayziya, Indoneziya va boshqa davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarida malaka oshirib, boy xalqaro ilmiy-amaliy tajriba orttirgan.
Mehnat faoliyatini oliy ta’lim tizimida turli yillarda assistent o‘qituvchi, xalqaro bo‘lim mutaxassisi, xalqaro bo‘lim boshlig‘i hamda kafedra dotsenti lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan. Ushbu davrda oliy ta’lim muassasasida xalqaro aloqalarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, xorijiy hamkorliklarni kengaytirish, akademik mobillikni rivojlantirish va institutsional xalqaro integratsiyani ta’minlash bo‘yicha muhim tashabbuslarni amalga oshirgan.
Davlat boshqaruvi tizimidagi faoliyati davomida Navoiy viloyatida investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi hamda innovatsion rivojlanish boshqarmasida investitsiyalarni jalb etish, xalqaro loyihalarni shakllantirish va ularni tijoratlashtirish yo‘nalishlarida samarali faoliyat olib borgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasida bo‘lim boshlig‘i sifatida xorijiy yetakchi TOP universitetlar bilan akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yish, stipendiya dasturlarini muvofiqlashtirish, xalqaro protokol xizmatlarini tashkil etishga munosib hissa qo‘shgan.
Hozirgi kunda Impuls tibbiyot instituti Chirchiq filiali rektori lavozimida faoliyat yuritib, institutning xalqaro integratsiyasi, ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini takomillashtirish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish yo‘nalishlarida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi va Hindistonning qator nufuzli tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni tashkil etish tashabbuslarini ilgari surgan.
Ingliz, rus va xitoy tillarini biladi hamda xalqaro akademik muhitda samarali faoliyat yuritish tajribasiga ega.

